Jahon bankida O‘zbekistonning statistika sohasidagi islohotlari va natijalari taqdim etildi.

2026 yil 15 aprel kuni Jahon banki guruhining Vashington shahridagi shtab-kvartirasida O‘zbekistonning statistika sohasidagi islohotlari va natijalariga bag‘ishlangan “Inside Uzbekistan's Data Systems Transformation: Reforms, Innovation, Impact” mavzusida gibrid formatda taqdimot bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasi raisi, BMT Statistika komissiyasi Byurosi raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev ishtirok etib, mamlakatimizda statistika tizimini isloh qilish, uni zamonaviy bosqichga olib chiqish hamda ma’lumotlarga asoslangan davlat boshqaruvini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’ruza qildi.
Tadbir davomida O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli statistik islohotlar, ma’lumotlarni shakllantirish va qayta ishlash jarayonlarini modernizatsiya qilish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish, ma’muriy ma’lumotlar tizimlari bilan integratsiyani kuchaytirish, tadbirkorlik subyektlari uchun hisobot yukini qisqartirish, shuningdek, innovatsion, jumladan sun’iy intellekt asosidagi yechimlardan foydalanish masalalari atroflicha yoritildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda milliy statistika tizimini tubdan yangilashga qaratilgan islohotlar mamlakatda kechayotgan jadal o‘zgarishlar bilan uyg‘un tarzda amalga oshirilmoqda. Xususan, 2026 yilda mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkazildi. Mazkur jarayon raqamli yechimlar asosida tashkil etilgani, uning natijalari esa kelgusida sifatli statistik bazani shakllantirish, tanlanma kuzatuvlarni takomillashtirish va aniq ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

Shu bilan birga, taqdimotda institutsional islohotlarga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, Statistika agentligining Milliy statistika qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etilgani, Statistika kengashi va Transformatsiya ofisi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, kadrlar salohiyatini mustahkamlash, raqamli transformatsiyani jadallashtirish va xalqaro standartlarga muvofiqlikni kuchaytirishga qaratilgan yondashuvlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, tadbir doirasida 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan Statistikani rivojlantirish milliy strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, statistikani shakllantirish jarayonlarini takomillashtirish, sifatni ta’minlash, ma’muriy ma’lumotlar integratsiyasi, ochiq ma’lumotlar, foydalanuvchilar bilan muloqotni kuchaytirish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi.
Ushbu taqdimot O‘zbekistonning statistika sohasidagi islohotlari, innovatsion yondashuvlari va amaliy natijalarini xalqaro ekspertlar hamda hamkor tashkilotlar doirasida keng taqdim etish, shuningdek, o‘zaro tajriba almashish uchun muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qildi.




