KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISH SAMARADORLIGINI YANADA OSHIRISHGA QARATILGAN O‘RQ–1155-SON QONUN MAZMUN-MOHIYATI TARG‘IB QILINDI
Joriy yilning 16-iyul kuni Andijon viloyati statistika boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasining 2026-yil 22-iyunda qabul qilingan O‘RQ–1155-son “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan huquqiy targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir davomida boshqarma xodimlariga mazkur Qonun bilan joriy etilgan asosiy yangiliklar, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, davlat organlarida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tizimini kuchaytirish hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etgan shaxslarning elektron reyestrini yuritish bo‘yicha belgilangan normalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, statistika organlari faoliyatida halollik, xolislik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga qat’iy rioya etish, xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish hamda davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga amal qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Tadbir yakunida xodimlarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish hamda O‘RQ–1155-son Qonun talablarini amaliyotda izchil ta’minlash davlat organlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va samaradorligini oshirishning muhim omillaridan biri ekanligi ta’kidlandi.




